4.4 ESTETIKANING FALSAFIY FAN SIFATIDAGI AHAMIYATI

Authors

  • Salimov Baxriddin Lutfullaevich. Toshkent davlat transport universiteti professori v.b. Saidmahmudov Abdulaziz Murodjon o‘g‘li. Toshkent davlat transport universiteti talabasi.

Abstract

 

Annotasiya.  Estetika - falsafiy fanlardan biri. Falsafa esa fanlarning podshosidir. Tafakkurni falsafaning predmeti deb atash maqsadga muvofiq. Estetika esa falsafiy fan sifatida barcha san’atshunoslik fanlari erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, shu xulosalar asosida insonni go‘zallik orqali haqiqatga yetishtirishga xizmat qiladi.

Kalit so‘zlar: estetika, go‘zallik, ulug‘vorlik, fojiaviylik, kulgililik, xunuklik.

 

“Estetika” atamasini birinchi bo‘lib buyuk nemis faylasufi Aleksandr Gotlib Baumgarten (1714—1762) ilmiy muomalaga kiritgan. Bunda u boshqa bir ulug‘ nemis faylasufi Gotfrid Vilgelm Leybnis (1646—1716) ta’limotidan kelib chiqqan holda munosabat bildirgan edi. Leybnis inson    ma’naviy olamini uch sohaga; aql-idrok, iroda-ixtiyor, his-tuyg‘uga bo‘ladi va ularning har birini alohida falsafiy jihatdan o‘rganish lozimligini ta’kidlaydi. Baumgartengacha aql-idrokni o‘rganadigan fan - mantiq, iroda-ixtiyorni o ‘rganuvchi fan esa - axloqshunoslik (etika)ning falsafada ko‘pdan buyon o‘z o‘rni bor edi. Biroq his-tuyg‘uni o‘rganadigan fan falsafiy maqomda o‘z nomiga ega emasdi. Baumgartenning bu boradagi xizmati shundaki, u “his qilish”, “sezish”, “his etiladigan” singari    ma’nolarni anglatuvchi yunoncha aisthetikos - “oyestetikos” so‘zidan “estetika” (nemischa “estetik” - “eshtetik”) iborasini olib, ana shu bo‘shliqni to‘ldirdi. Baumgarten estetikani hissiy idrok etish nazariyasi sifatida olib qaradi. Lekin, ko‘p o‘tmay, u goh “go‘zallik falsafasi”, goh “san’at falsafasi”  sifatida talqin etila boshlandi. Estetika fanining eng buyuk nazariyotchilaridan biri Georg Vilgelm Fridrix Gegel (1770— 1831) esa o‘z ma’ruzalarining kirish qismida yozadi: “Estetika” degan nom muvaffaqiyatsiz chiqqani va yuzaki ekani sababli boshqa atama qo‘llashga urinishlar bo‘ldi. So‘zning o‘z-o‘zicha bizni qiziqtirmasligini nazarda tutib, biz “estetika” nomini saqlab qolishga tayyormiz, buning ustiga, u odatiy nutqqa singishib ketgan. Shunga qaramay, bizning fanimiz mazmuniga javob beradigan ibora, bu - “san’at falsafasi” yoki yana ham aniqroq qilib aytganda, “badiiy ijod falsafasi”dir.

Gegelning “estetika” atamasidan ko‘ngli tolmaganligiga jiddiy sabablar bor.  Bulardan biri - yuqorida uning o‘zi aytib o‘tgan fikrlari bo‘lsa, ikkinchisi ~ mazkur so‘zning barcha his-tuyg‘ularga taalluqliligi. Vaholanki, bu fan faqat nafosatli his-tuyg‘ular va ularning ziddini nazarda tutadi. Ayniqsa, mana shu ikkinchi sababga ko‘ra, “estetika” atamasining talabga javob berishi shubhali. Buning ustiga allaqachon mazkur fan tadqiqot doirasi san’at hududidan chiqib, inson hayotining deyarli barcha sohalariga yoyilib ketgan. Shu bois “estetika” atamasi ham ilmiy muomalaga kiritilgan. Zero, mazkur atamaga asos bo‘lgan “nafis”, “nafislik”, “nafosat” so‘zlari o‘z qamrovi bilan fan talablariga to‘la javob bera oladi. “Nafis” so‘zi “o‘zbek tilining izohli lug‘ati”da – go‘zal, nozik, latif, yoqimli, badiiy jihatdan juda yuksak ma’nolarda  izohlanadi. Shu sababli Gegelning izidan borib, “estetika” atamasini saqlab qolgan holda endilikda “estetika” iborasidan foydalanish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Endi “Estetika” fanining mohiyatini anglatadigan “san’at falsafasi” va “go‘zallik falsafasi” iboralariga to‘xtalamiz. Estetika tarixida birinchi ibora tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Lekin, yuqorida aytib o‘tganimizdek, san’at bu fanning yagona tadqiqot obyekti emas. Hozirgi paytda texnika estetikasi va uning amaliyotdagi sohasi dizayn, atrof-muhitni go‘zallashtirish, tabiatdagi nafosat borasidagi muammolar  bilan ham shu fanimiz shug‘ullanadi. Demak, uning qamrovini san’atning o‘zi bilangina chegaralab qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Zero, bugungi kunda inson o‘zini o‘rab turgan barcha narsa-hodisalarning go‘zal bo‘lishini, har qadamda nafosatni his etishni istaydi: biz taqib yurgan soat, biz kiygan kiyim, biz haydayotgan mashina, biz uchadigan samolyot, biz yashayotgan uy, biz mehnat qiladigan ishxona, biz yurgizayotgan dastgoh, biz yozayotgan qalam, biz dam oladigan tomoshabog‘lar - hammasidan nafis bir ruh ufurib turishi lozim. Yuqorida aytilganlardan kelib chiqsak, “Go‘zallik falsafasi” degan ibora bu fan mohiyatiga ko‘proq mos keladi. Negaki, u faqat     san’atdagi go‘zallikni emas, balki insondagi, jamiyat va tabiatdagi go‘zallikni ham o‘rganadi. Shuningdek, go‘zallikdan boshqa ulug‘vorlik, fojiaviylik, kulgililik, mo‘jizaviylik, hayolilik, uyg‘unlik, noziklik singari ko‘pdan ko‘p tushunchalar mavjudki, ularni tadqiq etish ham estetika fanining zimmasida. Lekin, bu o‘rinda, shuni unutmaslik kerakki, mazkur tushunchalarning har birida go‘zallik bir tomondan unsur (element) sifatida ishtirok etsa, ikkinchi tomondan, ularning o‘zi go‘zallikka nisbatan unsur vazifasini o‘taydi. Ana shu xususiyatlarning voqelikda namoyon bo‘lishini biz nafosat deb ataymiz.

Estetika - falsafiy fanlardan biri. Falsafa esa fanlarning podshosidir. Darhaqiqat, u fanlar podshosi sifatida barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlarni o‘z qamroviga olib, ulardan umumiy xulosalar chiqarib, shular asosida insoniyatni haqiqat tomon yetaklaydi. Shu bois tafakkurni falsafaning predmeti deb atash maqsadga muvofiq. Estetika esa falsafiy fan sifatida barcha san’atshunoslik fanlari erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, shu xulosalar asosida insonni go‘zallik orqali haqiqatga yetishtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, estetika ishlab chiqqan qonun-qoidalar barcha san’atshunoslik fanlari uchun umumiylik xususiyatiga ega. 

Har bir fanning muayyan tadqiqot obyekti bo‘lib, bu obyekt tabiat, jamiyat va tafakkur haqida yangi bilimlar hosil qilishga qonun va kategoriyalar asosida olamni yangidan idrok etishga qaratilgan bo‘ladi. Estetika ham falsafiy fan sifatida o‘zining qonun va kategoriyalariga ega. Estetika kategoriyalari (go‘zallik, xunuklik, ulug‘vorlik, tubanlik, fojiaviylik, kulgililik va h.k.) inson va tabiat, inson va jamiyat, inson va ijtimoiy borliq bilan doimo hamkorlikda vujudga keladi. Estetika kategoriyalarining yaxlit tizimini ishlab chiqish muammosi ko‘p yillardan buyon olimlar e’tiborini jalb etib kelmoqda. Bu borada go‘zallik, ulug‘vorlik, fojiaviylik, kulgililik, xunuklik kabi an’anaviy ko‘rinish ko‘pgina adabiyotlarda o‘z aksini topgan.  

 

REFERENCES

  1. Salimov Baxriddin Lutfullaevich. Бирдамлик ва ҳамжиҳатлик – ижтимоий муносабатларнинг келажагидир. Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. 3(3), March, 2023.
  2. Salimov Baxriddin Lutfullaevich. Ижтимоий муносабатларнинг шаклланиши ва барқарорлигини белгиловчи муҳим тамойиллар. Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences.  3(3), March, 2023.
  3. Salimov, B., Madalimov, T. (2023). Transport falsafasi. Globe Edit.
  4. Salimov Bakhriddin Lutfullaevich. The Importance of Sea Transport in the Communication System. WEB OF SYNERGY: International Interdisciplinary Research Journal. Volume 2 Issue 1, Year 2023 ISSN: 2835-3013.
  5. Salimov Bakhriddin Lutfullaevich. The Influence of the Transport and Communication System on Social Relations. Web of Semantic: Universal Journal on Ie Education. Volume 2 Issue 2, Year 2023. ISSN: 2835-3048.
  6. Salimov Bakhriddin Lutfullaevich. Reforms in the Fields of Communication and Transport and their Social Impact. Web of Semantic: Universal Journal on Ie Education. Volume 2 Issue 2, Year 2023. ISSN: 2835-3048.
  7. Бахриддин Лутфуллаевич Салимов (2022) Ўзбекистон тараққиётида коммуникация ва транспорт тизимини ўрни. Academic research in educational sciences, 3 (TSTU Conference 1), 403-407.
  8. Бахриддин Лутфуллаевич Салимов (2022). Жамиятнинг шаклланиши ва такомиллашувида бошқарув ва тарбия санъатининг ўрни. Academic research in educational sciences, 3 (11), 359-365.
  9. Salimov Baxriddin Lutfullaevich. The philosophical role of dialectical categories in human life. Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences.  Volume: 1, lssue 6,  2021. -Р.406-410. 
  10. Салимов Б.Л. Ижтимоий муносабатларнинг коммуникация ва транспорт тизими билан детерминистик боғлиқлигининг гносеологик таҳлили. Фалсафа фанлари доктори диссертацияси. Ўзбекистон Миллий университети. Тошкент. 2022, 224 б.
  11. Салимов Бахриддин Лутфуллаевич. Йўлдошов Сардор Зокир ўғли. (2023). 61. Инсоният ҳаётидаги туб бурилишлар.Innovative Technologies in Construction Scientific Journal, 1(2992-8893).
  12. Салимов Бахриддин Лутфуллаевич Равшанов Охунжон Тўймурод ўғли. (2023). 51. Техника тараққиётининг икки ёқлама таъсири. Innovative Technologies in Construction Scientific Journal, 1(2992-8893).
  13. Bakhriddin Lutfullaevich Salimov. NEGATIVE CONSEQUENCES OF SCIENCE AND TECHNOLOGY DEVELOPMENT. International Conference" Law, Economics and Tourism sciences in the modern world". 2023/5/1. С. 5-10.
  14. Salimov Bakhriddin Lutfullaevich, Tursunov, Shokhijakhan Ravshanovich, Haydarov, Mehriddin Nuriddin Ugli (2023). SYNERGETIC APPROACH IN THE ANALYSIS OF SOCIAL RELATIONS. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 3 (3), 1001-1007.

 

Published

19-12-2023

How to Cite

Salimov Baxriddin Lutfullaevich. Toshkent davlat transport universiteti professori v.b. Saidmahmudov Abdulaziz Murodjon o‘g‘li. Toshkent davlat transport universiteti talabasi. (2023). 4.4 ESTETIKANING FALSAFIY FAN SIFATIDAGI AHAMIYATI . Innovative Technologies in Construction Scientific Journal, 4(1), 14–16. Retrieved from https://inntechcon.uz/index.php/current/article/view/136