7.12 OGAHIY IJODIDA LINGVOPOETIK UYG‘UNLIK
Abstrak
Bugungi kunda tilshunoslikning muhokama maydoniga tortilayotgan muhim vazifalaridan biri har bir xalqning mumtoz namunalari bo‘lgan qadimgi yozma yodgorliklarni ilmiy asosda o‘rganish, asar tili lisoniy birliklarini til yaruslari bo‘yicha tahlil qilish, ularning leksik-semantik xususiyatlarini aniqlash va shu orqali tilda so‘zlar etimologiyasini tadqiq etish, eng asosiysi, tarixiy asarlar mazmuni va mohiyatini kelajak avlodlarga to‘g‘ri yetkazish hisoblanadi, Shu jumladan, tilshunosligimizda tarixiy asarlar tili ustida olib borilayotgan tadqiqotlar samarali va sermazmundir. Mazkur maqolada Muhammad Rizo Ogahiy ijodidagi lingvopoetik uyg’unlik masalalari tahlil qilinadi.
Kalit so’zlar: Muhammad Rizo Ogahiy, so‘zlar etimologiyasi, yozma yodgorliklar, tilshunoslik masalalari
Annotation: One of the important tasks of linguistics, which is being discussed today, is the scientific study of ancient written monuments that are classic examples of every nation, the analysis of the linguistic units of the language of the work, the determination of their lexical-semantic features, and thus the language researching the etymology of words, the most important thing is to convey the content and essence of historical works to the future generations. Including, the research conducted on the language of historical works in our linguistics is effective and meaningful. This article analyzes the issues of linguopoetic harmony in the works of Muhammad Reza Ogahi.
Keywords: Muhammad Reza Ogahi, etymology of words, written monuments, linguistic issues
Mumtoz adabiyotimizdagi tarixiy asarlarning lingvopoetik xususiyatlari haqida so‘z ketar ekan, bevosita XIX asr boshlarida yozila boshlagan Munis qalamiga mansub “Firdavs-ul-iqbol” asari hamda XIX asrning ikkinchi yarmida yaratilgan Ogahiy tarixiy asarlari, xususan “Riyoz-ud-davla”ni tadqiqot doirasiga tortdik. “Firdavs-ul-iqbol” asari tuzilishi bo‘yicha sulolaviy tarixnavislikning yorqin namunasidir. Munis o‘zidan oldingi turkiy tarixnavislarning uslubidan farqli ravishda o‘z asarida jimjimali ifodalar, nasrda ham musajja’dan serunum va o‘rinli foydalangan. Bu yerda uni fors yoki arab tarixnavislik uslublariga taqlid qilgan desa bo‘ladi. Lekin bu yerda ham u turkiy-o‘zbek tilining imkoniyatlarini yana bir marta ko‘rsatishga harakat qilgani ma’lum[1]. Ogahiyning tarixiy asarlari o‘zbek tarixiy va badiiy nasrining, ayniqsa, XIX asrning ikkinchi yarmida eski o‘zbek tilida bitilgan so‘nggi, o‘ziga xos noyob namunasi ekanligi bilan ajralib turadi. Shu jihatdan ushbu ikki asarda qo‘llanilgan lingvopoetik birliklarning umumiylik piravordida eski o‘zbek tilining turli sathlar doirasida bor imkoniyatlarini kuzatishimiz mumkin. Shuningdek, Ogahiy ijodida ustoz-salaflar uslubidan ilhomlanish, an’anaviylikning o‘rnini, qisqacha qilib aytganda, uning tarixiy asarlari lingvoestetikasi manbalarini o‘rganishimiz mumkin. Munisning “Firdavs-ul-iqbol” hamda Ogahiyning “Riyoz-ud-davla” asarlarining tuzilishi, yozilish uslubi, voqealar bayoni usuli, asardagi badiiy poetik vositalarning qo‘llanilishi qiyoslab o‘rganilganda, o‘zaro o‘xshashliklar va o‘ziga xosliklarni uchratish mumkin.