15. KO‘PRIKLAR QURILISHIDAGI YANGI INNOVATSIYALAR

Authors

  • PhD, dotsent Normurodov Sh.U., talaba Normurodov H.U. normurodovsh25@mail.ru, hasanjonnormurodov@gmail.com, Toshkent davlat transport universiteti

Abstract

KO‘PRIKLAR QURILISHIDAGI YANGI INNOVATSIYALAR

 

PhD, dotsent Normurodov Sh.U., talaba Normurodov H.U.

normurodovsh25@mail.ru, hasanjonnormurodov@gmail.com,

Toshkent davlat transport universiteti

 

Annotatsiya. Ushbu maqolada ko‘priklar qurilishidagi yangi innovatsiyalar, avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarini qurish bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.

Avtomobil transporti infrastrukturasini rivojlantirish, zamonaviy ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etish mamlakat taraqqiyoti uchun muhim omillar ekanligi yoritilgan.

Kalit so‘zlar: qurishni industrlashtirish, mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish, modullash, ko‘prik qurish korxonalari, monolit konstruksiya, yig‘ma monolit konstruksiya.

 

Аннотация. В данной статье представлена информация о новых инновациях в мостостроении, строительстве автомобильных и железнодорожных мостов.

Было отмечено, что развитие автомобильной транспортной инфраструктуры, строительство современных мостов и путепроводов являются важными факторами развития страны.

Ключевые слова: индустриализация, механизация строительства, автоматизация, модульизация, мостостроительные предприятия, монолитная конструкция, сборно-монолитная конструкция.

 

Abstract. This article provides information on new innovations in bridge construction, the construction of road and rail bridges.

The development of the infrastructure of road transport, the construction of modern bridges and overpasses are highlighted as important factors for the development of the country.

Keywords: industrialization, mechanization of construction, automation, modularization, bridge-building enterprises, monolithic construction, prefabricated monolithic construction.

 

Kirish. Ko‘priklar doimo o‘zining betakror go‘zalligi, salobati hamda eng kuchli muhandislik loyihalarini amalga oshirish imkonini bergan texnik imkoniyatlari bilan kishiga zavq beradi. Bu inshootlar nafaqat amaliy vazifalarni bajaradi, balki estetik ruh ham baxsh etadi. Har bir ko‘prik o‘zicha g‘aroyib, biri konstruksiyasi, yana biri shakli, boshqasi esa ulug‘vorligi bilan kishini hayratga soladi. Aytgancha, so‘nggi uchinchi jihat esa o‘lchami bo‘yicha rekord o‘rnatish imkonini berib, doimiy ravishda o‘zgarib bormoqda.

Ko‘prik qurishda industrlashtirish darajasini ko‘tarish yanada mukammalroq texnologik usullardan foydalanish, qurilishni mashinaviy ishlab chiqarishga aylantirish hisobiga, ya’ni zamonaviy usular asosida qurishni tashkil qilish va effektiv tenologiyalardan foydalanish, shuningdek ishlarni mexanizatsiyalashtirish darajasini yuqoriga ko‘tarish va iqtisodiy jihatdan arzon konstruksiyalardan foydalanish bilan bajariladi.

 

Asosiy qism. Transport magistralini biron - bir to‘siq ustidan o‘tkazishni ta’minlaydigan inshooti ko‘prik deb ataladi. Ko‘prik o‘tuvi ko‘prikni va u bilan bog‘liq inshootlar - yaqinlashuv ko‘tarmalari, suv oqimini yo‘naltiradigan regulyasion inshootlar va qirg‘oqni mahkamlaydigan qurilmalarni o‘z ichiga oladi. Qadimdan xalqimiz ariqlar qazib, yo‘llar ochib, ko‘priklar qurib, o‘zlari uchun qulaylik yaratishgani, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib kelgani haqida to‘lqinlanib so‘zlaymiz.

Avtomobil transporti infrastrukturasini rivojlantirish, zamonaviy ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etish mamlakat taraqqiyoti uchun muhim omillardan biri sanaladi. Bu mavzuda so‘z borganda sohada to‘plangan tajriba hamda tizimga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish natijasida erishilayotgan yutuqlar haqida gapirish o‘rinli.

Ko‘prik turlarini bir necha mezonlarga ko‘ra tasniflash mumkin[1]:

  • foydalanishning asosiy maqsadi bo‘yicha;
  • konstruktiv yechim;
  • qurilish materiallari;
  • uzunligiga qarab;
  • foydalanish muddati bo'yicha;
  • ishlash printsipiga bog‘liq.

O‘zbekistondagi ko‘priklarning 90% dan ko‘prog‘i temirbetondan qurilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi yig‘ma temirbetondandir. Hozirgi vaqtda yaxlit temir betondan foydalanish kengayib  bormoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda qurilish kostruksiyalari o‘lchamlari maxsus  modul sistemasi asosida belgilanadi. Ushbu sistemaga asosan ko‘prik konstruksiyalarida modul 10sm, oraliq qurilmalar uzunligi uchun esa - 300sm tanlangan.

Uzlukli to‘sinli oraliq qurilmalar uchun unifikatsiyalangan namunaviy to‘sinlar va plitalar ishab chiqilgan bo‘lib, ularning uzunligi - 6, 9, 12, 15, 18, 24, 33 va 42 metr. Katta oraliqlar uzunligi 21 metrli modul bilan quriladi - 63, 84, 105, 126 metr va hokazo.

Qurilishni industrlashtirishning asosiy elementlaridan biri, ishlab chiqarish jarayonini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish deb hisoblanadi.

Mexanizatsiyalashtirish qisman yoki kompleks bo‘lishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonida ayrim ishlarni mashinalar bajarib, qo‘l mehnati saqlanib  qolsa qisman mexanizatsiyalashtirish amalga oshirilgan bo‘ladi. Barcha ishlar mashinalar yordamida bajarilganda, kompleks mexanizatsiyalashtirish joriy etilgan hisoblanadi. Kompleks mexanizatsiyalashtirishning eng yuqori darajasi avtomatlashtirishdir.

Bir vaqtning uzida bir necha kichik va o‘rta sun’iy inshootlar qurilayotgan vaqtda qurish jarayonini oqimli usul yordamida bajarish maqsadga muvofiqdir. Ushbu usulda barcha ishlar mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lim ishchilari tomonidan bajariladi. Har bir bo‘lim ishlar bo‘yicha maxsus tayyorlangan va jihozlangan bo‘lishi lozim.

Oqimli usul o‘z navbatida tezlashtirilgan oqimli yoki ketma-ket oqimli bo‘lishi mumkin.

Avtomobil yo‘llari va temir yo‘llardagi sun’iy inshootlar «Ko‘prik qurilish» tresti tasarrufidagi maxsus ko‘prik qurish korxonalari tomonidan bajarilmoqda.

I-III kategoriyali avtomobil yo‘llaridagi shahar va avtomobil yo‘llari ko‘priklari va yo‘lo‘tkazgichlari, shuningdek temir yo‘l ko‘priklari «Ko‘prik qurilish» tresti korxonalari tomonidan quriladi.

Ko‘prik qurish ishlarini tashkil qilish va qurish-montaj ishlariga boshchilik qilish chiziqli va to‘rli kalendar grafiklar yordamida bajariladi. Ushbu grafiklarda ishlarning ayrim turlari ketma-ketligi, hajmi va vaqti belgilanadi. Grafiklar bir necha turda bo‘lishi mumkin.

Bosh yoki ishchi grafiklar ko‘prik loyihasi va qurishni tashkil qilish loyihalari asosida, qurish ishlarini bajarish muddatini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Bu grafikda ko‘prik kechuvi bo‘yicha ishlarning barcha turi (ko‘prik, ko‘tarma va yo‘naltiruvchi inshootlar qurish) hisobga olinadi, ya’ni qurilishning tayyorlov, asosiy va yakunlovchi bosqichlari[2].

Grafikda qurilish montaj ishlarining ayrim turlari gorizontal chiziqlar bilan vaqt masshtabida ko‘rsatiladi. Yuqori tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan grafiklar direktiv bo‘lib, bajarilishi majburiydir.

General grafiklardan tashqari ishchi grafiklar ham ishlab chiqiladi. Ishchi grafiklar ko‘prikning alohida elementlari yoki ishning biron bosqichi uchun ishlab chiqiladi, misol uchun alohida tayanchlar poydevorini qurishga, tayanch va oraliq qurilma yig‘ma konstruksiyalarini yig‘ishga, harakat qismini jihozlashga va boshqalar[3,4].

Qurilish davrida ishlab chiqarish korxonalari tomonidan shuningdek kvartal uchun, oylik, xaftalik yoki dekada uchun grafiklar ishlab chiqilishi mumkin. Bu grafiklarda ishlab chiqarishning barcha xususiyatlari hisobga olinadi (mahalliy sharoitlar, daryo oqimi xususiyatlari va boshqalar).

Ishlarni tashkil qilish davrida qurilishning general grafigiga qo‘shimcha shaklda yordamchi grafiklarni tuzish tavsiya qilinadi, misol uchun asosiy qurilish montaj jihozlariga, xarakatlanuvchi va xarakatsiz kranlarga, kompressor va elektr stansiyalariga, beton qorish moslamalariga talab, yig‘ma temirbeton konstruksiyalarga va qurilish materiallariga talab va keltirish muddatlari[4,5].

Yirik ko‘prik kechuvlarini qisqa muddat ichida qurish kerak bo‘lgan hollarda qurishni tashkil qilish to‘rli grafiklar asosida bajariladi. To‘rli grafiklarning asosiy afzaliklari ushbu lardan iborat:

1) qurilishning muddatiga ta’sir qiluvchi asosiy ishlar aniq belgilanadi;

2) orqada qolaetgan ishlarni aniqlash, nazorat qilish va kerak bo‘lganda yordam berish imkonini beradi;

3) bajariladigan ishlarning texnologik ketma-ketligi yaqqol bilinadi;

4) grafikni qayta ishlamasdan unda xosil bo‘lgan konkret sharoitlarni ko‘rsatish.

Odatda ko‘prik qurishda asosan yig‘ma temir-beton elementlaridan foydalaniladi. Yaʼni ko‘prik konstruksiyalari zavodda tayyorlanib, obektga olib kelib yig‘iladi[6].

Hozirgi kunda O‘zbekistonga yangicha monolit ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar qurish texnologiyasi kirib keldi.

Bugungi kunda yo‘l o‘tkazgichni quyma beton – monolit usulda qurish sohadagi ilg‘or tajriba sanaladi. Samarqand shahridagi M-39 avtoyo‘lning 1083-kilometridan o‘tuvchi yangi yo‘l o‘tkazgich ana shu usulda qurilgan (1-rasm).

Ushbu inshoot estakada qismining uzunligi 111 metr, balandligi 8,5 metr va kengligi 28,9 metrni tashkil etadi.

Mazkur inshoot Samarqandda transport infrastrukturasini yaxshilab, yangi qurilgan Samarqand Siti hududiga keladiganlarga qulaylik yaratadi.

 

1-rasm. Samarqand shahridagi M-39 avtoyo‘lning 1083-kilometridan o‘tuvchi yangi yo‘l o‘tkazgich

Toshkent shahrining Qushbegi mavzesida qurilgan yangi yo‘l o‘tkazgich shahardagi eng uzun ko‘prik hisoblanadi. Uzunligi 788 metr. Ushbu inshoot monolit texnologiya asosida qurilgan. Uning tayanchlariga alohida harakatlanuvchi, yaʼni siljuvchi tizimlar o‘rnatilgan (2-rasm). Ko‘prikning ustidagi monolit qismida zilzila sodir bo‘lganda alohida siljish imkoniyati mavjud. Monolit, yaʼni yaxlit qurilishi inshootlarning zilzila bardoshliligini oshiradi.

 

2-rasm. Toshkent shahrining Qushbegi mavzesida qurilgan yangi yo‘l o‘tkazgich.

 

Monolit usulda bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgichlarning qurilishida xomashyo ob’ektning o‘zida qayta ishlanadi. Bu muhim jihat. Boshqa usuldagi ko‘prik qurilishida ishlatiladigan oraliq qurilmalar, yig‘ma temir-beton konstruksiyalar zavod sharoitida quyiladi. Odatda maxsus zavodlarda tayyorlangan katta o‘lchamdagi konstuksiyalarni ob’ekga olib kelish esa qator noqulayliklar tug‘diradi[7]. Og‘ir yuk ko‘taradigan texnika va avtokranlarga zarurat tug‘iladi. Yangi usulda ko‘prik qurilishida bu kabi muammolar bo‘lmaydi. Shuningdek, monolit oraliq qurilmali ko‘priklarning deformatsion choklardan xalos bo‘lgani natijasida avtomobillarning ravon harakatlanishi ta’minlanadi.

Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi ko‘prikda avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan (3-rasm).

Asosiy yo‘l o‘tkazgichning yo‘laklari soni har bir yo‘nalishda beshtaga yetkaziladi. Kichik halqa yo‘liga to‘g‘ri o‘tib ketish va undan chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ushbu yo‘l o‘tkazgich eni 1,5 metrlik piyodalar yo‘laklari va 1,2 metrlik velosiped yo‘laklari, shuningdek, piyodalar o‘tish joylari bo‘lishi nazarda tutilgan.

Yig‘ma-monolit usulida quriladigan asosiy yo‘l o‘tkazgich 15 ta ustundan iborat bo‘ladi. Uning uzunligi 650 metr, eni esa 46,2 metrgacha bo‘ladi. Kirish va chiqish joylari, jumladan, sebarga bargi shaklida ikkitasi monolit usulda amalga oshirilishi loyihalangan va hozirda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

3-rasm. Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi ko‘prikda qurilish jarayoni.

 

Xulosa. Ko‘priklarning ulkan qurilishi yo‘ldan ozgan rimliklar tomonidan boshlangan. Ko‘prik qurish tamoyillari ular tomonidan yuzlab yillar davomida temir, beton va boshqa zamonaviy materiallar paydo bo‘lishidan oldin mavjud bo‘lgan. Ammo ilm-fanning so‘nggi yutuqlarini hisobga olgan holda ham, ko‘priklarni qurish hali ham qiyin muhandislik vazifasi bo‘lib qolmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda yo‘l o‘tkazgichlarni monolit va yig‘ma-monolit usularida qurish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Bu usullar haqida so‘z borganda sohada to‘plangan tajriba hamda tizimga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish natijasida erishilayotgan yutuqlar haqida gapirish o‘rinli.

Yangi usullarda ko‘prik qurishning o‘zgacha afzalliklari mavjud:

– bu usullarda ko‘prik qurishning afzalligi loyihalash jarayonidayoq seziladi, ya’ni individual loyihalash imkoniyati yaratiladi;

 – oraliq qurilmalarning uzunligini oshirish imkoni mavjud bo‘ladi;

– bu usullar orqali qurilgan inshootlarning foydalanish muddati ham ko‘proq bo‘ladi.

 

Adabiyotlar ro‘yxati.

  1. S.S. Salixanov. Transport inshootlarini loyihalash va qurish. Darslik, 1-tom. Temir yo‘llardagi temirbeton ko‘priklar va quvurlar. Toshkent, 2018. – 405 bet
  2. S.S. Salixanov. Transport inshootlarini loyihalash va qurish. Darslik, 2-tom. Temir yo‘llardagi metall ko‘priklar va tonnellar. Toshkent, 2018. – 380 bet.
  3. S.S. Salixanov. Transport inshootlarini loyihalash va qurish, I. Ko’priklarni loyihalash va hisoblash. O’quv qo’llanma. Toshkent, 2020. – 472 bet.
  4. Normurodov, S.U. B., & Tayirov, S.S. U.L. (2021). GEODEZIK PUNKTLAR MARKAZLARI SIFATIDA VIBRATSIYALAB TO‘LDIRILADIGAN SVAYALARDAN FOYDALANISH. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences1(5), 1021-1024.
  5. Миралимов, М.Х., & Нормуродов, Ш.У. THE ENGINEERING DECISIONS FOR MITIGATION OF DAMAGES IN LANDSLIDE HAZARDOUS REGIONS OF UZBEKISTAN.
  6. Miralimov, M. (2018). Instructions for the design and construction of antimudflow and anti-landslide structures for engineering protection of highways. Tashkent: Research Institute of Highways156.
  7. Miralimov, M. Х., & Normurodov, S. U. (2019). CONSTRUCTION FEATURES OF TRANSPORT TUNNELS IN THE MOUNTAIN AREAS OF UZBEKISTAN. Journal of Tashkent Institute of Railway Engineers, 15(3), 26-35.

Published

28-10-2023

How to Cite

PhD, dotsent Normurodov Sh.U., talaba Normurodov H.U. normurodovsh25@mail.ru, hasanjonnormurodov@gmail.com, Toshkent davlat transport universiteti. (2023). 15. KO‘PRIKLAR QURILISHIDAGI YANGI INNOVATSIYALAR. Innovative Technologies in Construction Scientific Journal, 2(1), 90–97. Retrieved from https://inntechcon.uz/index.php/current/article/view/92